TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimotda ma’lum qildi.
Aytilishicha, O‘zbekiston kelgusi uch yilda kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirishni maqsad qilgan.
Mansurbek Olloyorov va Shahnoza Mirziyoyeva.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
Kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi.
Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashiladi.
“Shu taxlit, kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Jarayonga hokim yordamchilari jalb etiladi
Aytilishicha, endi hokim yordamchilarining faoliyati qayta ko‘rib chiqiladi. Asosiy e’tibor kambag‘allikni qisqartirish va ular bandligini ta’minlashga qaratiladi.
Mablag‘larni taqsimlash tartibi o‘zgaradi
Har yili kambag‘allikni qisqartirishga 14 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yo‘q.
Tizim quyidagicha o‘zgartiriladi:
Mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablag‘lar, birinchi navbatda, oilani kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi.
Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
Ish o‘rinlarini zaxiralash amaliyoti o‘rniga ehtiyojmand kishilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinadi.
Bo‘sh ish o‘rinlari to‘liq raqamlashtiriladi.
Buyurtmachini kasanachi va frilanserga bog‘laydigan onlayn platforma tashkil qilinadi.
“Ishga marhamat” monomarkazlarida kambag‘al fuqarolarni xizmatlar sohasida zamonaviy kasblarga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.
“Oxirgi yillarda to‘plangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambag‘allikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bog‘lanishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lum qilinishicha, respublikada uzoq yillar og‘ir vaziyatda bo‘lgan 3 milliondan ziyod odamlarning sharoiti yaxshilandi. Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi.