TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Xivada bo‘lib o‘tgan “Qovun sayli” festivalida mahalliy qovunlarning 125 taga yaqin navlari namoyish etildi, deya xabar berdi Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati.
Xiva shahrida “Qovun sayli” festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir uchun Polvon darvoza oldidagi Alleya maydonining 4 gektarida 60 ta pavilon tashkil etildi.
Unda barcha viloyatlar o‘z hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 taga yaqin navlari namoyish etdi.
“Qovun sayli” festivali g‘oliblari taqdirlandi.
© Komitet po turizmu
Festivalning g‘olib va sovrindorlari:
Gran-pri: Xorazm viloyati Yangibozor tumani (yutuq - “Treker” avtomobili);
Birinchi o‘rin: Urganch shahri (yutuq - “Oniks” avtomobili);
Ikkinchi o‘rin: Xiva tumani (yutuq - “Damas” avtomobili);
Uchinchi o‘rin: Urganch tumani, Xiva shahri va Qo‘shko‘pir tumanlari (yutuq har biriga - “Motosikl”).
Shuningdek, “Qovunni qayta ishlash va saqlaganligi uchun”, “Qadimiy Xorazm navlarini tiklash va yangi innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”, “Qovunchilikda eng yuqori rentabellikka va eksportbop qovun yetishtirganligi uchun”, “Eng shirin ekologik qovun yetishtirganligi uchun” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi va taqdirlandi.
Aytilishicha, festival tufayli Xorazm viloyatiga 30 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar va 400 mingga yaqin mahalliy sayyohlar tashrif buyurdi.