TOShKENT, 11 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik 2 karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini yakunladi, deya xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.
“Oltin kechaga o‘zgacha fayz bergan Bahodir Jalolovning final jangi, har bir zarbalari yurtdoshlarimizni katta hayajonda ushlab turdi. Bu jang Bahodirning havaskor boksdagi faoliyatiga chiroyli yakun yasadi. Endi o‘zbek o‘g‘loniga professional ringda ham mana shunday yorqin g‘alabalar tilab qolamiz", — deyiladi xabarda.
Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida eng og‘ir vazn toifasida ishtirok etgan Jalolov chempionlik jangida ispaniyalik Ayub G‘adfani mag‘lub etdi. G‘alabadan so‘ng, u o‘z libosini ringda qoldirdi. Bu bilan Jalolov havaskor boksdagi faoliyatini yakunlaganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda prezident qarori bilan O‘zbekistonning boks sport turini yanada keng ommalashtirish va “ustoz-shogird” an’anasi orqali yosh bokschilarni yetishtirish maqsadida Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi tashkil etilgan.
Bahodir Jalolov sport mahorati maktabi o‘quvchilari 2023-yilda xalqaro va respublika musobaqalarida 26 ta oltin, 18 ta kumush, 15 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan. Bu yil ham qator turnirlarda ishtirok etish rejalashtirilgan.