O‘zbekiston va Qatar startap ekotizimni yaxshilash bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xarita”sini qabul qiladi

O‘zbekistonda innovatsion startap kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va startap ekotizimni rivojlantirish maqsadida qo‘shma "yo‘l xarita"sini qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida "Qatar Financial Center" (QFC) va O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda "IT Park Uzbekistan" mutasaddilari o‘rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Uchrashuvda Qatar tomoni "Raqamli O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli dasturlar bilan tanishtirildi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda innovatsion startap kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va startap ekotizimni rivojlantirish maqsadida qo‘shma "yo‘l xarita"sini qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
"QFC" 2005-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Qatarning biznes va moliyaviy markazi sanaladi. Markaz Qatar hukumatining iqtisodiy siyosatini ilgari suradi, biznes uchun qulay huquqiy asosni yaratish, soliq tizimini takomillashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, mamlakat iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish hamda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.
Saida Mirziyoyeva Qatar elchisi bilan uchrashdi — nimalar muhokama qilindi?