Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylov okruglari tuzildi — batafsil

Bir mandatli saylov okruglari har bir ma’muriy-hududiy birlik doirasida ulardagi saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda tuzildi.
Sputnik
TOShKENT, 10 avg — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta bir mandatli saylov okruglarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 10-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.
Bir mandatli saylov okruglari har bir ma’muriy-hududiy birlik doirasida ulardagi saylovchilar sonidan kelib chiqqan holda tuzildi. Saylov okruglarini tuzish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalari hamda Markaziy saylov komissiyasining qarorlari “E-Saylov” axborot tizimi orqali qabul qilindi.
Shuningdek, majlis kun tartibidagi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi, Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar va adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilishi mumkinligi belgilangan.
Shunga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi 3 ta ekspert guruhlari tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 26-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kampaniyasiga start berildi. Konstitutsiyaning 128-moddasi va Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq, saylovlar joriy yil 27-oktabr, yakshanba kuni o‘tkaziladi.
O‘zbekstonda parlament saylovlari — 2024
O‘zbekistonda parlament saylovi 27-oktabr kuni o‘tkaziladi