TOShKENT, 9 avg — Sputnik. O‘zbekistonlik bir guruh shifokorlar N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti klinik ordinaturasida bepul tahsil oladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari kelishuviga asosan 2024/2025 o‘quv yili uchun universitetning 52 ta ordinatura mutaxassisligiga O‘zbekiston fuqarolarini o‘qishga qabul jarayoni tashkil etiladi.
Klinik ordinatura tanlovida yuqori ball olib o‘qishga qabul qilingan O‘zbekistonning 35 nafar fuqarosi uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi fondi hisobidan klinik ordinatorning borish-kelish aviachiptasi (bir martalik), kunlik safar xarajatlari hamda o‘qish to‘lov-kontrakt summasi qoplanishi belgilandi.
Ordinatura mutaxassisliklariga dastlabki tanlov (suhbat)da qatnashish istagini bildirgan “Davolash ishi” va “Pediatriya ishi” ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilari hujjatlarini topshiradi. 16-18 avgust kunlari har bir tibbiyot oliy ta’lim muassasasida dastlabki tanlovdan o‘tkazish bo‘yicha Ishchi guruh shakllantirilib, talabgorlar rus tilida dastlabki tanlovdan o‘tkaziladi.
20 avgustgacha Ishchi guruh tomonidan tanlovda ishtirok etishga tavsiya etilgan abituriyentlar hujjatlarini ordinatura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha e’lon qilingan veb-saytda topshirish va ro‘yxatdan o‘tish jarayoni olib boriladi. 22-24 avgust kunlari abituriyentlarning ordinatura mutaxassisliklariga qabul bo‘yicha onlayn formatdagi test sinovlarida ishtirok etishlari markazlashgan holda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hududida tashkil etiladi.
N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetining mutaxassisliklari bo‘yicha 2-yil tahsil olib kelgan shifokorlarga o‘qishdan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, 5-yil ishlab berish majburiyati yuklatiladi.