TOShKENT, 5-avgust — Sputnik. Bugun Ostonadagi prezident madaniyat markazida “Zakovat” xalqaro intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Zakovat” Ostonada ilk bor o‘yinlar tashkil qilmoqda. Unda O‘zbekiston va Qozog‘iston bilimdonlari intellektual jangda kuch sinashadi.
Ishtirokchilar bosh sovrin – “Zakovat Asian cup” uchun kurash olib boradi.
Qozog‘iston O‘zbekistonda 2022-yilda Zakovat o‘yinlari kubogini qo‘lga kiritgan. O‘shanda ikkinchi o‘yinda qozog‘istonliklar 4:2 hisobida g‘alaba qozongan. Oxirgi hal qiluvchi bahs qozog‘istonliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
"Zakovat" bugungi kunda shunchaki klub yoki o‘yin emas, bu xalqaro intellektual harakatdir. 2023-yilda “Zakovat”ning doimiy a’zolari soni 500 ming nafarga ko‘paydi. 156 250 ta jamoa va 1 150 000 nafarga yaqin ekspertlar ishtirok etgan 7 000 tadan ortiq o‘yin o‘tkazildi. Berilgan savollar soni 15 000 tadan oshdi.
"Zakovat" o‘z chegaralarini kengaytirib, O‘zbekistondan tashqariga chiqdi. Bugungi kunga qadar London, Ostona, Olmaota, Dushanbe, Berlinda "Zakovat" nomi ostida o‘nlab xalqaro musobaqalar o‘tkazildi.