TOShKENT, 5-avgust — Sputnik. Navoiy viloyati Xatirchi tumani sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlashda Belarusning Gomel tumani korxonalari bilan tajriba almashadi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimi Umidjon Adizov boshchiligidagi delegatsiya Belarusning Gomel viloyatiga bordi. Safar davomida viloyatning Gomel tumani ijroiya qo‘mitasi raisi Dmitriy Kozel bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qator korxonalar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, delegatsiya "Gomelagrokomplekt" OAJ, "Znamya rodini" OAJ, "Gomelskaya ptitsefabrika" OAJ, "Ptitsefabrika Rassvet" OAJ, "Gomelskiy masokombinat" OAJ va "Milkavita" OAJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Xatirchi tumanida chorvachilikni rivojlantirish, sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlashda Gomel tumani korxonalari bilan tajriba almashish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.