TOShKENT, 2-avgust — Sputnik. O‘zbekistondagi barcha operatsiya va reanimatsiya xonalarida kameralar o‘rnatiladi. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Tibbiy faoliyatni litsenziyalashning yangilangan pasporti qabul qilindi.
“Hukumat qaroriga muvofiq tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq qator qo‘shimcha talablar joriy qilinmoqda”, - dedi Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi Litsenziyalash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Begiyev.
Jumladan, Tibbiy faoliyatni litsenziyalash pasportiga litsenziya talablari va shartlari sifatida quyidagi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Statsionar turdagi nodavlat tibbiyot tashkilotida operatsiya bo‘limi tashkil etilgan taqdirda:
ixtisosligi bo‘yicha kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lgan operatsiya qiluvchi xirurg;
anesteziolog-reanimatolog;
xirurgiya ixtisosligi bo‘yicha malakaviy toifaga ega bo‘lgan assistent vrach;
kamida birinchi malakaviy toifaga ega bo‘lgan anesteziologiya-reanimatologiya va operatsiya xonasi hamshirasi bo‘lishi kerak.
Bularga mos bo‘lmaslik esa ushbu talabni qo‘pol ravishda buzish, deb hisoblanadi.
Shuningdek, operatsiya va jonlantirish (reanimatsiya) xonalariga ovoz va video yozib olish imkoniyati mavjud kameralar o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Mazkur yozuvlar kamida bir yil davomida litsenziatda saqlanishi hamda videoyozuvdagi axborotning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno) shifokor sirining himoya qilinishi imkoniyatini yaratish talab etiladi.
Bu qo‘shimcha talab esa ham bemor, ham shifokor huquqlarini himoya qilishga xizmat qilib, mahalliy tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va “xavfsiz tibbiyot” standartlarini joriy qilish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Tibbiy faoliyatni litsenziyalashning yangilangan pasportidagi shu va boshqa talablar 2025-yilning 1-yanvar kunidan kuchga kiradi.