O‘zbekistonda bir milliondan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi – batafsil

Fuqarolar xizmat ko‘rsatish va savdo, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida ish topishlari mumkin bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 avg — Sputnik. O‘zbekistonda joriy yil oxirigacha 1 milliondan ortiq kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari ma’lum qildi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Jumladan, respublikaning 68 ta tumanidagi xalqaro avtomagistrallarda joylashgan yangi xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlarida 500 ming ish o‘rni yaratiladi.
Yana 197 ming fuqaro 5 mingdan ortiq yangi investitsiya loyihalari ishga tushirilgach, doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida 670 ming kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Vazirlik mutaxassislari bunda tijorat banklari va xususiy sektor faol ishtirok etishini ta’kidladi.
“Mamlakatimizda ishchilar mehnatini muhofaza qilishni ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining 22 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. Ulardan ikkitasi joriy yilning o‘tgan 6 oyida tasdiqlangan. Hozirda yana uchta konvensiyani ratifikatsiya qilish ustida ishlamoqdamiz”, – ma’lum qildi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva.
Shuningdek, o‘tgan 6 oy davomida respublika bo‘yicha 113 ming nafar ishsiz aholi kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar oshgan. Qolaversa, 10 ming kishi (bir yil avvalgidan 5 barobar ko‘p) chet tillariga o‘qitildi.
Vazirlik ta’kidlaganidek, mehnatga layoqatli aholi o‘rtasidagi ishsizlik darajasi 2020-yildagi 10,5 foizdan 2024-yil boshiga kelib 6,8 foizgacha kamaydi. Kambag‘allik darajasi esa 2021-yildagi 17 foizdan 2024-yil boshiga kelib 11 foizga tushdi.

“Joriy yilning 6 oyi davomida xorijda ishlash istagida bo‘lgan 64 ming nafar fuqaro qonuniy va xavfsiz tarzda xorijiy davlatlarga ishlashga jo‘natildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 barobar ko‘pdir”, – ta’kidladi Turdiboyeva.

2024 yil oxirigacha yana 90 ming kishini xorijda ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. 115 ming ishsiz aholi esa kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘qitiladi.