TOShKENT, 31-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlari ro‘yxati ishlab chiqildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston hududida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar tomonidan qayta ishlatilishi majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha ro‘yxati” ishlab chiqildi. Ro‘yxat O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-son farmoniga muvofiq tuzildi va va 25-iyunida tasdiqlandi.
“Ro‘yxatda plastmassalar, qog‘ozlar, metallar, shishalar, kompozitli materiallar, batareya va akkumulyatorlar, qurilish chiqindisi kabi materiallar qayta ishlanishi bo‘yicha kod raqamlari va belgilar qo‘yilgan. Zaruratga qarab majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilib, tasdiqlanib boriladi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, majburiy bo‘lgan chiqindi tovarlarining belgilari bo‘yicha tasdiqlangan ro‘yxat 12 oydan keyin kuchga kiradi.
Chiqindilarni qayta ishlash ikkilamchi xomasholardan samarali foydalanishga imkoniyat beradi. Eng muhimi, bu orqali atrof-muhit ifloslanishining oldi olinadi.