Geologiya, sanoat va harbiy turizm: O‘zbekiston yangi sayyohat manzillarini ochishi mumkin

Yangi turizm yo‘nalishlarini joriy qilish maqsadida prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Rossiya, AQSh va Xitoy tajribasi asosida mamlakatda harbiy va sanoat turizmini rivojlantirishni taklif qilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi va Turizm qo‘mitasi tomonidan prezidentning “Turizm sohasida axborot taqdim etish tizimini takomillashtirish hamda yangi imkoniyatlarni yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.
Loyihada 2025-yil 1-yanvardan boshlab turizmning bir qator yangi turlariga ruxsat berish nazarda tutilgan.
Turizmning yangi turlari:
geologiya turizmi (konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologiya va sanoat obyektlari va boshqa obyekt va zonalarga tashrif buyurish);
sanoat va ilmiy turizm (kon-metallurgiya kombinatlarga tegishli ishlab chiqarish hududlari, sanoat obyektlari hududlari);
harbiy turizm (harbiy texnika bilan tanishtirish, turistlarga poligonlarda ularni boshqarishga ruxsat berish, harbiy hududarda turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilish va boshqalar).
Shuningdek, bosqichma-bosqich aeroport, temir yo‘l vokzallari va avtovokzallarda tegishli hududdagi diqqatga sazovor, tarixiy, madaniy, ko‘ngilochar, ovqatlanish, joylashish va ularga yetib borish marshrutlari haqida ma’lumot beruvchi interaktiv portalni ishga tushirish ham ko‘zda tutilmoqda.
“Milliy sayohat” mobil ilovasini ishga tushirish, aeroport va temir yo‘l vokzallari hududlarida avtotransport vositalarini ijaraga berish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga (shu jumladan, “Thrifty”, “Dollar”, “Hertz”, “Avis”) xizmat ko‘rsatishga ruxsat berish ham nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, turistlar uchun navigatsiya va yo‘naltiruvchi tizimni yaratish zaruriyati mavjud. Jumladan, tashrif buyuruvchi turist uchun mintaqa va yo‘nalishlar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aeroport, vokzal, avtovokzal yoki mashhur sayyohlik joylarida ma’lumot olish imkoniyati muhim.
Loyihani tayyorlashda Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Italiya, BAA, Singapur, AQSh, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi bir qator rivojlangan mamlakatlarda turistlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida navigatsiya va turistik yo‘nalish tizimlaridan foydalanish tajribasi o‘rganildi.

“Bugungi kunda dunyoning ko‘p davlatlarida harbiy turizm yo‘nalishi ham ommalashib bormoqda. Masalan, AQSh, Rossiya, Xitoyda harbiy turizm doirasida muzeylarga sayohatlar uyushtirish, mashhur harbiy texnika, shu jumladan, harbiy transport vositalarini boshqarish, har xil turdagi qurollardan otish, harbiy vertolotlar va samolyotlarda uchish, dala oshxonasida ovqatlanish va poligonlarda ochiq osmon ostidagi chodirlarda tunash xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan”, — deyiladi xabarda.

Aytilishicha, yangi turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy axborot va navigatsiya tizimlarini joriy etish, sohadagi infratuzilmani takomillashtirish O‘zbekistonga turistlar oqimini oshirishga va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
Xorijiy turistlar oqimi yanada oshiriladi — yangi farmon