TOShKENT, 25-iyul — Sputnik. Bishkekdagi “Ala-Archa” davlat qarorgohida ShHTga a’zo davlatlar bosh prokurorlarining yig‘ilishi boshlandi, deya xabar berdi Sputnik Qirg‘iziston.
Bu yil yig‘ilishga Qirg‘iz Respublikasi Bosh prokurori raislik qilmoqda. Unda Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Belarus, Xitoy nazorat bo‘limlari rahbarlari, shuningdek, ShHTning kotibiyat va mintaqaviy aksilterror tuzilmasi rahbarlari ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar tashkilot mamlakatlari duch kelayotgan zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish sohasida amaliyot va tajriba almashishni muhokama qilmoqda. Shuningdek, ular raqamlashtirish sharoitida inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqishadi.
Qayd etilishicha, 16 delegatsiyadan 12 tasi ishtirokchi davlatlar, to‘rttasi esa xalqaro tashkilotlar kotibiyatlari vakillaridir. ShHT yig‘ilishida prokuratura organlarining raqamlashtirish davridagi roli va zamonaviy chaqiriqlarga javob choralari, organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash kabi masalalar muhokama qilinadi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish va ishni mustahkamlash to‘g‘risidagi protokol (ShHT), Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash deklaratsiyasi (TDT) imzolanadi.
ShHTga 2001-yilda oltita davlat – Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tomonidan asos solingan. Keyinchalik ittifoqqa Hindiston, Pokiston, Eron, Belarus qo‘shildi. Kuzatuvchi davlatlar: Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston. Hamkor davlatlar: Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka.