TOShKENT, 24-iyul — Sputnik. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp suiqasddan keyingi xatti-harakati bilan amaldagi prezident Jo Baydendan farqli ravishda Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan ish olib borishga qodirligini isbotladi. Bu haqda tadbirkor Ilon Mask ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
"Agar siz juda va juda “jiddiy va qattiqqo‘l shaxs” (Rossiya, Shimoliy Koreya, Xitoy - tahr.) bilan ish olib boradigan rahbarni xohlasangiz ... ular Trampni g‘azablantirishdan oldin ikki marta o‘ylashadi. Bechora Bayden esa zinapoyaga chiqa olmaydi”, — dedi u "Daily Wire" nashriga bergan intervyusida.
Maskning fikricha, Bayden surati bilan hech kimni qo‘rqitish mumkin emas. Tramp suiqasddan keyingi xatti-harakati bilan jasoratga ega ekanligini isbotladi, "Amerikaga esa kuchli rahbar kerak”. Tadbirkor, shuningdek, Tramp o‘z muddati davomida dunyoda yangi mojarolarni boshlamaslik uchun yaxshi ish qilganini ta’kidladi.
AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Demokratik partiyani hozirgi davlat rahbari Jo Bayden vakillik qilishi taxmin qilingan edi. Biroq sobiq prezident Donald Tramp bilan iyun oyida bo‘lib o‘tgan debatdagi halokatli natijadan so‘ng demokratlar o‘rtasida Baydenni kurashdan voz kechishga chaqirishlar kuchayib ketdi. Bayden 21-iyul kuni poygadan chiqishga qaror qildi va vitse-prezident Xarrisning AQSh hukumatining eng yuqori lavozimiga nomzodini qo‘llab-quvvatladi.