TOShKENT, 23-iyul — Sputnik. Fransiyada bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekistondan 19 ta sport turi bo‘yicha jami 90 nafar sportchi qatnashadi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga ommaviy sport va olimpiya harakatini kengaytirishga oid ishlar yuzasidan axborot berildi.
Ma’lumki, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari 26-iyul – 11-avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda 206 ta mamlakatdan 10 mingdan ortiq sportchi ishtirok etadi.
Davlat rahbariga musobaqaga tayyorgarlik bo‘yicha ham axborot berildi.
Dolojeno o rabote po razvitiyu sporta i olimpiyskogo dvijeniya
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“O‘zbekistondan 19 ta sport turi bo‘yicha jami 90 nafar sportchi qatnashadi. Ahamiyatlisi, an’anaviy sport turlaridan tashqari bu yil ilk bor futbol, suvga sakrash, kamondan otish, ayollar kurashi bo‘yicha ham yo‘llanmalar olingan. Qolaversa, bu yilgi olimpiyachilarimizning 36 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, terma jamoalar ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik ko‘rdi.
“Har bir sportchi bo‘yicha individual strategiya qabul qilinib, ularning saralash musobaqalaridagi, mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulotlardagi ishtiroki ta’minlandi. 15 ta olimpiya va paralimpiya markazida hamda viloyatlardagi sport bazalarida tayyorgarlik uchun zarur sharoitlar yaratildi. Shuningdek, sportchilar muntazam chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy-biologik ta’minot va farmakologiya yo‘nalishlarida tizimli choralar ko‘rildi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Mirziyoyev Olimpiya o‘yinlarida sportchilarga muvaffaqiyat tiladi. Mutasaddilarga iqtidorli yoshlarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.