TOShKENT, 22-iyul — Sputnik. Kuvayt kompaniyasi Buxoro viloyatida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
Qayd etilishicha, Kuvaytning "Energy Solutions" kompaniyasi delegatsiyasining Buxoro viloyatiga biznes-missiyasi tashkil etildi. Unda kompaniya vakillari Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashib, muzokaralar olib borishdi.
“Muzokaralar chog‘ida Buxoro viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit haqida batafsil ma’lumotlar Kuvayt tomoniga yetkazildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, asosiy drayver sohalari bo‘lgan turizm, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, qulay geografik joylashuvi alohida ta’kidlandi. Tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarga e’tibor qaratildi”, — deyiladi xabarda.
O‘z navbatida, Kuvayt vakillari tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim markazini tashkil etish va tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.