Kuvayt kompaniyasi Qashqadaryoda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqchi

Kuvayt kompaniyasi delegatsiyasi Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytning "Gulf General Trading Co. Ltd." kompaniyasi ishchi guruhining Qashqadaryo viloyatiga ishchi safari uyushtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Tashrif chog‘ida Kuvayt kompaniyasi delegatsiyasi Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar avvalida hokim Murotjon Azimov kuvaytlik investorlarga viloyatda amalga oshirilayotgan va xorijiy investorlarga taklif etilayotgan yangi loyihalar haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuv davomida turli sohalardagi investitsion loyihalar, jumladan, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish va sog‘liqni saqlash tizimida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Kuvaytlik investorlar Qashqadaryo viloyatida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va nogironlikni erta aniqlash, ayniqsa, onkologiya, yurak-qon tomir va qandli diabet kasalliklariga to‘g‘ri tashxis qo‘yish imkonini beruvchi zamonaviy tibbiy laboratoriyalarini tashkil etish bo‘yicha takliflarni bildirdi.
Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida viloyatda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholini sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash imkoniyatlari va umumiy sog‘liqni saqlash tizimi samaradorligi oshishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muloqotlarni davom ettirish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar.
O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasida ishlab chiqilayotgan hujjatlar loyihalari muhokama qilindi