TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda stomatologiya xizmatlarining 91 foizi xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilyapti, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, so‘nggi 8-yilda mamlakatda xususiy shifoxonalar 2,7 barobarga ko‘payib, ular soni 3 200 tadan 8 800 taga yetdi. Ularning soni har yili o‘rtacha 500-600 taga ortmoqda.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalarining barchasida ambulator, 1532 tasida statsionar xizmatlari tashkil etilib, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlari 726 tadan 2 251 taga oshdi.
Qolaversa, ayni paytda barcha tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan o‘rin-joylarning 35 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni so‘nggi yillarda nodavlat tibbiyot klinikalarida statsionar shifo o‘rinlari soni sezilarli darajada ortib, 2024-yilda 42 744 tani tashkil etmoqda.
“Albatta, bunday ijobiy o‘zgarishlar tufayli bugungi kunda sog‘liqni saqlash tizimida nodavlat tibbiyotning ulushi 30 foizga yetdi”, — deyiladi xabarda.
Laboratoriya xizmatlarining 40 foizi, oftalmologiya va operativ oftalmologiyaning 60 foizi, LOR va endoskopik LORning 70 foizi va stomatologik tashxis hamda muolajalarning 91 foizi aynan xususiy klinikalar tomonidan ko‘rsatilmoqda.