O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sotuvlar pasaydi
O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sotuvlar faolligi iyun oyida 6,4 foizga pasaydi.
SputnikTOShKENT, 11-iyul — Sputnik. O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori sekinlashish belgilarini namoyish etmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
xabar berdi. Qayd etilishicha, agar may va aprelda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida sotuvlar o‘sgani kuzatilgan bo‘lsa, iyun oyida faollik 6,4 foizga pasaygani qayd etildi.
May oyidagi jonlanish va o‘sishga qaramay, ijara bozori ham 1,2 foizga qisqardi.
Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaydi. Ammo hududiy kesimda vaziyat bir turli bo‘lmagan sur’at bilan xarakterlanadi. Andijon, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida faollikning oshgani qayd etilgan.
“Tahlil ko‘chmas mulk bozorining beqarorligi va qisqa muddatli tebranishlariga ishora qilmoqda. Xususan, bir oy davomida faollik 6,4 foizga pasayib, ikki oylik ijobiy sur’atning o‘rnini egalladi. Holbuki may oyida sotuvlar 9 foizga, aprel oyida esa 11 foizga oshgan edi. Yil davomida sotuvlar esa deyarli 14 foizga pasaydi”, — deyiladi xabarda.
Umuman olganda, faollikning tushib ketishi mamlakat ko‘chmas mulk bozorining yalpi sekinlashganligini aks ettiradi.
Hududiy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyat
Oy davomida hududiy kesimda ko‘chmas mulk bilan operatsiyalarning eng ko‘p pasayishi Sirdaryo, Buxoro va Andijon viloyatlarida kuzatildi – navbati bilan 21%, 20% va 16%.
Respublikaning aksariyat hududlarida sotuvlar umumiy pasayishiga qaramasdan, Toshkent shahrida ijobiy dinamika saqlanib qolmoqda. Hisobot davrida poytaxtda faollik deyarli 5 foizga o‘sgan.
“Joriy yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida umumiy savdolar soni 5,7 foizga pasaydi. Bu pasayish, ayniqsa, Navoiy viloyatida sezilarli bo‘lib, operatsiyalar 26,5 foizga qisqardi. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 13,8 foizni, Jizzax viloyatida 10,6 foizni tashkil etdi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Aytilishicha, ijobiy dinamika qayd etilgan hududlar ham bor. Masalan, 6 oy ichida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda eng ko‘p o‘sish Andijon viloyatida – 12,7%, Xorazm viloyatida – 8,3% va Qashqadaryo viloyatida – 6% qayd etildi.
Toshkentda uy-joy ijarasi bozoridagi vaziyat
Poytaxt ijara bozori may oyida biroz tiklanishdan so‘ng, yana pasayish bilan xarakterlandi. Xususan, Toshkentda ijaraning o‘rtacha bahosi 1,2 foizga pasayib, bir kvadrat metr uchun 8,3 dollarni tashkil etdi.
Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara haqi hamon yuqori bo‘lib, har kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,2 dollarga teng bo‘lib turibdi.
Nisbatan arzon uy ijarasi Olmazor, Sergeli va Bektemir tumanlarida saqlanib qolmoqda, bu joylarda ijaraning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 6,4 dollarni tashkil qiladi.
Shu bilan birga, yil boshidan beri ijara narxining 9,8 foizga kamaygani qayd etildi, o‘tgan yilning iyuniga nisbatan esa ijara haqi 5,5 foizga pasaygan.
O‘tgan yilning iyuniga nisbatan ijara haqining eng sezilarli – 12 foizdan ko‘proq pasayishi Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida yuqoridagiga nisbatan quyiroq – 8,3 foizlik pasayish kuzatildi.
Ikkilamchi uy-joy bozori
Iyunda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati sekinlashdi. Agar may oyida uy-joy o‘rtacha narxining o‘sishi kvadrat metr uchun 1,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun oyida ikkilamchi bozor atigi 0,3 foizga o‘sdi.
“Biroq o‘tgan yilning iyuniga nisbatan ikkilamchi bozorda narxlar deyarli 10 foizga oshdi”, — deya ta’kidlangan xabarda.
Ikkilamchi uy-joy segmentida uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm (18,1 foizga), Buxoro (17,1 foizga), Qashqadaryo (16,7 foizga) va Toshkent viloyatlarida (16 foizga) qayd etildi.
Toshkentda ikkilamchi bozordagi narxlar bir oyda 1,1 foizga pasaydi. Shayxontohur (0,8%), Yakkasaroy (0,6%) va Olmazor tumanlarida (0,3%) meyor doirasida o‘sish qayd etildi.