Mirziyoyev mutasaddilarga geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Respublikada o‘tgan 6 oyda qariyb 3 million tonna ko‘mir qazib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 10-iyul — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi. Unda mutasaddilar yil boshida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan axborot berdi.
Geologiya sohasidagi ishlar haqida axborot berildi
Qayd etilishicha, o‘tgan 6 oyda qariyb 3 million tonna ko‘mir qazib olingan.
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan. Ikkinchi yarim yillikda yana 5 million tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan.
Shundan:
1,8 million tonna issiqlik elektr stansiyalariga yetkaziladi;
1 million tonnadan ortig‘i aholiga yetkaziladi;
540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkaziladi;
1,8 million tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.
“Umuman, bu yil ko‘mir qazib chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1,4 million tonnaga ko‘p bo‘lib, import hajmi sezilarli qisqaradi”, — deyiladi xabarda.

Investitsiya loyihalari

Nishbosh konini o‘zlashtirishga Xitoyning “Henan” kompaniyasi 400 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 million tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 million tonnasini boyitish rejalashtirilgan.
“Yurtimizda kaolinning ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu juda kam. Shu bois 2024-2025 yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 million 700 ming tonnaga yetkaziladi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning “Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S.” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. 15 million dollarlik mazkur loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.
Davlat rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomasholardan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
O‘zbekiston 2025-yilda ko‘mir qazib chiqarish hajmini 10 mln tonnaga yetkazadi