Mirziyoyev Xitoy parlamenti rahbarini qabul qildi — muhokama etilgan masalalar

Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevga salom yo‘lladi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Butunxitoy xalq vakillari kengashi Doimiy qo‘mitasi raisi Chjao Leszi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xitoy parlamenti rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston prezidentining yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda. Jadal hududlararo aloqalarga yuqori baho berildi. Kelgusi yilda ikkinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.
“O‘zbekistonda Xitoy oliy o‘quv yurtlarining filiallarini ochish, professional ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, Konfutsiy instituti faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalalari ko‘rib chiqildi. Kelgusi yilda ikkinchi Ta’lim forumini o‘tkazish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuv yuzasidan fikr almashildi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, parlament a’zolari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonun ijodkorligi tajribasini o‘rganish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Aytilishicha, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish nazarda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi — nimalarga kelishib olindi?