Shanxay hamkorlik tashkiloti “ShHT plyus” formatini joriy etishda davom etadi

Hakimov: Shanxay hamkorlik tashkiloti Ostona sammitidan keyin ham “ShHT plyus” formatini amalga oshirishda davom etadi.
Sputnik
TOShKENT, 9-iyul — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Ostona sammitidan keyin “ShHT plyus” formatini bundan keyin joriy etish niyatida. Bu haqda Rossiya prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimov ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Yangilik shundan iboratki, taklif etilgan mehmonlar ishtirokidagi uchrashuv “ShHT plyus” formatida bo‘lib o‘tdi. Bu bosqichma-bosqich joriy etiladigan yangi formatdir”, — dedi Hakimov Ostonada bo‘lib o‘tgan ShHT sammiti yakunlariga bag‘ishlangan “Rossiya segodnya” media guruhida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, “ShHT plyus” formati tadbirga taklif etilgan davlatlar toifasini, jumladan, muloqot bo‘yicha hamkorlar orqali kengaytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostonada bo‘lib o‘tgan "ShHT plyus" formatidagi uchrashuvda barcha mamlakatlar vakolatli organlari rahbarlari va ekspertlari ishtirokida har yili xavfsizlik masalalari bo‘yicha "ShHT plyus" muloqotini o‘tkazishni taklif qilgan edi.
ShHT 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unga Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston kiradi. 2024-yil 4-iyulda Ostonada bo‘lib o‘tgan sammitda Belarus tashkilotga rasman qo‘shildi. Kuzatuvchi davlatlar Afg‘oniston va Mo‘g‘ulistondir. ShHT muloqoti bo‘yicha hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Bahrayn, Misr, Kambodja, Qatar, Kuvayt, Maldiv orollari, Myanma, Nepal, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka.
"ShHT plyus" uchrashuvi: ShHT davlatlari rahbarlari qanday fikrlar bildirishdi?