TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda uchunchi marotaba “Bukhara Night Race” poygasi o‘tkaziladi, deya xabar berdi tadbir tashkilotchilari.
Poyga Buxoroda 24-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Musobaqa yo‘nalishi shaharning tarixiy qismlarini qamrab oladi. Sportchilar masofani diqqatga sazovor maskanlar, masjid va madrasalar, karvonsaroy va betakror ko‘hna inshootlar qurshovida bosib o‘tishadi.
“Joriy yil 5 va 10 km masofadagi poygalar, shimoliy (skandinavcha) yurish hamda 4 yoshdan oshgan bolajonlar poygasi uchun ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatlari mavjud”, — deydi tadbir tashkilotchilari.
Plogging – yugurish asnosida maydonni chiqindilardan tozalash tadbiri ham bo‘lib o‘tadi. Eko-ploggingda 16 yosh va undan kattalar ishtirok etishlari mumkin, ota-onalar esa farzandlari bilan yelkama-yelka qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
“Bu safar ishtirokchilar soni deyarli ikki karra ortib, 3000 kishini tashkil etishi kutilmoqda. Qo‘shimcha joylar bolalar poygasida ham ochiladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Qayd etilishicha, musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish boshlangan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili “Bukhara Night Race” tadbirida dunyoning 20 ta mamlakatidan 1600 nafardan ortiq sportchi qatnashgan.