TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. ShHT davlatlari tashqi aralashuvga qarshi turishi va bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlash uchun birgalikda harakat qilishi kerak. Bu haqda Xitoy yetakchisi Si Szinpin Ostonadagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.
Xitoy rahbari ayni damda dunyoda o‘zgarishlar tezlashayotgani, insoniyat jamiyati yana tarixning chorrahasida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ShHT tarixning to‘g‘ri tomonida, adolat tarafida, dunyo uchun hayotiy ahamiyatga ega tashkilot.
“ShHT davlatlari tashqi aralashuvga qarshi turish va bir-birini qat’iy qo‘llab-quvvatlash uchun birgalikda harakat qilishi kerak. ShHT mamlakatlari rivojlanish huquqini himoya qilishi, ishlab chiqarish zanjirlarining barqarorligini saqlashi, mintaqaviy iqtisodiyotni rag‘batlantirishi kerak”, — dedi Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin.
Ma’lumot uchun, 3-4 iyul kunlari Ostonada ShHT sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Xitoy, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Sammitda ShHT bosh kotibi Chjan Min va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ishtirok etmoqda