TOShKENT, 4-iyul — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a’zo davlatlarning xavfsizligini ta’minlash tashkilot faoliyatida ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda, ushbu vazifani amalga oshirish uchun ShHTning mintaqaviy aksilterror tuzilmasi o‘zgartiriladi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonadagi ShHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ma’lum qildi.
“Albatta, ShHT faoliyatidagi ustuvor vazifalardan biri tashqi chegaralar perimetri bo‘ylab davlat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. ShHTning mintaqaviy aksilterror tuzilmasini xavfsizlikka tahdidlarning barcha spektriga javob beradigan universal markazga aylantirish, shuningdek, Dushanbeda narkotiklarga qarshi kurash markazini tashkil etish bo‘yicha bugun qabul qilingan qarorlarning maqsadi ham aynan mana shudir”, — dedi Rossiya yetakchisi.
Bundan tashqari, Putin tashkilotning Qozog‘istondagi sammitida tasdiqlangan ushbu sohadagi hamkorlik dasturi ShHT makonida separatizm va ekstremizmga qarshi kurashga hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Davlat rahbari ShHTga a’zo davlatlar tadbirkorlarining hamkorligi haqida ham so‘z yuritdi.
“Tashkilotning ishbilarmonlar kengashi ishlamoqda, uning yordamida mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarga qo‘shilish imkoniyatiga ega. Shanxay tashkilotining banklararo assotsiatsiyasi bu kabi loyihalarni moliyalashtirishda yaqindan ishtirok etadi”, — dedi u.
Vladimir Putin Rossiyaning ShHTda o‘zining to‘lov va hisob-kitob mexanizmini yaratish bilan shug‘ullanish taklifini eslatdi.
“2023 yilda ShHTga a’zo mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha o‘sishi 5 foizdan ortiqni, sanoat ishlab chiqarishi 4,5 foizni, inflyatsiya darajasi esa atigi 2,4 foizni tashkil etdi”. Rossiyaning ShHT davlatlari bilan savdo aylanmasi 2023-yilda 25 foizga oshdi. 2024-yil yanvar-aprel oylarida ShHTning boshqa a’zolari bilan tijorat operatsiyalarida Rossiya foydalanadigan milliy valyutalar ulushi 92 foizni tashkil etdi”, — deya qayd etdi u.
Ma’lumot uchun, 3-4 iyul kunlari Ostonada ShHT sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Rossiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Qirg‘iziston, Xitoy, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etmoqda. Sammitda ShHT bosh kotibi Chjan Min va BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham ishtirok etmoqda.