TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ning Ostona sammiti ishtirokchilari jahon hamjamiyatini halol va ochiq global muloqotni boshlashga va yangi xavfsizlik paradigmasini qabul qilishga chaqirishadi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev “Sinxua” agentligiga bergan intervusida ma’lum qildi, deb yozmoqda RIA Novosti.
“Raislikning (Qozog‘istonning ShHTga – tahr.) kulminatsion nuqtasi Ostonadagi sammit bo‘ladi, biz unga katta e’tibor qaratapmiz. Biz ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish sohasida strategik muhim qarorlar qabul qilinishini kutmoqdamiz. O‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olinadi, mavjud chaqiriq va tahdidlarga adekvat va o‘z vaqtida javob berish tashabbuslari ishlab chiqiladi”, — dedi Qozog‘iston yetakchisi.
Prezident sammitning yakuniy qarorlarida “Shanxay ruhi”ning asosiy tamoyillari to‘liq o‘zida mujassamlashini ta’kidladi: do‘stlik, o‘zaro ishonch, o‘zaro manfaat va bir-birining manfaatlarini hisobga olish.
“Ostona sammiti ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni halol va ochiq global muloqotni boshlash, yangi xavfsizlik paradigmasini qabul qilish, adolatli iqtisodiy muhit yaratish va sayyoramiz musaffoligini himoya qilish uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga chaqiradi”, — deya qo‘shimcha qildi Toqayev.