TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. Vengriyadagi yirik farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytiradi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov "Egis" ("Egis Pharmaceuticals PLC") farmatsevtika kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari, tijorat direktori Chaba Pots bilan uchrashdi. Unda kompaniya O‘zbekiston bilan dori vositalari savdosi sohasida ancha faol hamkorlik qilayotgani aytildi.
“Vengriya vakili korxona tarmog‘idan dori vositalarining ayrim turlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorlik, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar va farmatsevtika sohasi talabalari uchun kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlarida ish tajribasini o‘rganish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonda dori vositalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar almashinuvi, o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliyot dasturini tashkil etish hamda sohaga oid O‘zbekiston delegatsiyasining tashrifini tashkil etish masalalarini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishib olishdi.
O‘zbekistonda bu yil farmatsevtika tarmog‘ida 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.