Shavkat Mirziyoyev Xalqaro maqom san’ati anjumani ochilishida nutq so‘zladi

O‘z nutqida prezident maqom san’atining O‘zbekiston madaniyatidagi ahamiyati hamda unga berilayotgan e’tibor haqida to‘xtalib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro maqom san’ati anjumanining ochilishidagi nutqida barcha anjuman ishtirokchilarini tabrikladi va maqom san’atining O‘zbekiston uchun ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi bo‘lgan maqom san’ati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi. <…> Maqom san’ati uchun asosiy mavzu – eng avvalo, shaxs, uning erki va qadri, tinchlik-totuvlik, hamjihatlik va umumbashariy taraqqiyot hisoblanadi”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng prezident Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi va maqom san’atiga alohida e’tibor berilayotganiga urg‘u berdi.

“Bugungi kunda maqom san’ati butun mamlakatimiz bo‘ylab, boshlang‘ich ta’limdan tortib, akademik fan darajasigacha bo‘lgan bosqichlarda uzluksiz tarzda o‘rganilmoqda. Biz Toshkent shahrida Maqom markazi yangi binosini qurish bo‘yicha amaliy ishlarni boshladik. Maqom rivoji yo‘lida sermahsul ijod qilib kelayotgan bastakor, kompozitor, musiqashunos, xonanda va sozandalarni faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida yurtimizda nufuzli milliy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda”, - dedi prezident.

Seremoniya otkritiya II Mejdunarodnogo festivalya makom v Djizzake
Anjuman ochilish marosimiga Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qit’alarining saksondan ortiq mamlakatlaridan qariyb 400 nafar mehmonlar tashrif buyurdi.
Shuningdek, YuNESKO, AYSESKO, TURKSOY kabi xalqaro tashkilot vakillari, MDH, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi va Ozarbayjondan nufuzli mehmonlar tashrif buyurgan.