TOShKENT, 26-iyun — Sputnik. O‘zbekistondagi mahallalarda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida bo‘lib o‘tgan mahallalar obodligini ta’minlash bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.
Mahallalar obodligini ta’minlash tizimi taqdimot qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Qayd etilishicha, taqdimotda “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil qilish taklif etildi.
“Bu tashkilotlar mahallalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanadi, ko‘chalar va ariqlar tozaligini ta’minlaydi, ko‘chatlar ekib, parvarishlaydi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, shartnoma asosida kommunal tarmoqlarni ta’mirlash, chiqindilarni saralash va tashish xizmatlarini ham ko‘rsatadi.
“Servis kompaniyasi mahalla fuqarolar yig‘ini kengashining qarori asosida salohiyatli tadbirkorlar orasidan tanlab olinadi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Obodonchilik ishlari mahallaning buyurtmasi va nazorati asosida amalga oshiriladi. Servis kompaniyalari xizmatlariga to‘lovlar qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlariga har oyda 20 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
Mahallalar obodligini ta’minlash tizimi taqdimot qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shuningdek, ular aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar ko‘rsatishi ham mumkin bo‘ladi.
“Umuman, bu tizim natijasida mahallalarga fayz kiradi, odamlarda ozodalik va daxldorlik madaniyati kuchayadi. Mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsiz kishilarning bandligi ta’minlanadi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Taqdimotda servis kompaniyalari avval tajriba tariqasida 208 ta mahallada tashkil etilishi belgilandi. Ushbu tajriba natijasi bo‘yicha keyinchalik barcha mahallalarda joriy qilish taklifi bildirildi.
Mahallalar obodligini ta’minlash tizimi taqdimot qilindi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Ma’lum qilinishicha, hozirda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin mahalla bor. Shundan qariyb 3 mingtasi ko‘p qavatli uylardan iborat bo‘lib, ularga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Hovli uylar joylashgan 6 ming 400 dan ziyod mahallada esa obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari, asosan, hashar bilan qilinadi.