TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. O‘zbekiston va Butunjahon turizm tashkiloti o‘rtasida mahalliy turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy hamkorlik kengaytiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va “BMT Turizm” bosh kotibi Zurab Pololikashvili ishtirokidagi uchrashuvda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston prezidenti Samarqandda “BMT Turizm” (Butunjahon turizm tashkiloti) bosh kotibi Zurab Pololikashvili bilan uchrashdi.
Prezident Uzbekistana provel vstrechu s generalnim sekretarem "OON Turizm"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Unda O‘zbekiston bilan BMTning mazkur ixtisoslashgan instituti o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
“Sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar va obyektlarni barpo etish, ziyorat va madaniy-ma’rifiy turizmni, jumladan ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Samarqandda faoliyat yuritayotgan Xalqaro turizm akademiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda mehmondo‘stlik va servis sohasida malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zbekistonga turizm yo‘nalishini ommalashtirish maqsadida mahalliy turoperatorlarning yirik xalqaro turizm yarmarkalari va ko‘rgazmalarida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy hamkorlik kengaytiriladi”, — deya qayd etilgan xabarda.