TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga yangi kompaniyalarni jalb qilish ishlarni davom ettiriladi, deya xabar berdi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, "ACWA Power" kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayanni qabul qildi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, shu jumladan qo‘shma investitsiya loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari "ACWA Power" bilan samarali sheriklik olib borilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Ushbu kompaniyaning mamlakat energetika tarmog‘ini "yashil" texnologiyalar asosida modernizatsiya qilishdagi yetakchi o‘rni qayd etildi.
Bugungi kunda joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 17 milliard dollardan oshdi.
"Ishbilarmonlar kengashi faoliyati doirasida Saudiyadan yangi kompaniyalarni mamlakatga jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi", — deyiladi xabarda.
Quyidagi loyihalarni jadallashtirishga e’tibor qaratildi:
aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish;
energetika tarmog‘ini rivojlantirish va raqamlashtirish;
issiqlik ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish;
chiqindilarni qayta ishlash;
farmatsevtika va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish;
tibbiy klinikalar ochish;
turizm markazlarini tashkil etish;
qishloq xo‘jaligi loyihalarini ilgari surish.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning may oyida Toshkentda o‘tgan III Xalqaro investitsiya forumida“Acwa Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) bilan Qoraqalpog‘istonda quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 2 GVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash qurilmalarini qurishga (6,2 mlrd $) kelishib olingan edi.
Shuningdek, o‘tgan yili O‘zbekistonda Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikda yirik energetika loyihalariga start berilgan. Loyiha Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni nazarda tutadi.