TOShKENT, 5-iyun — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazardan Haj ziyoratida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan Musulmonlar idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi.
"Mamlakat yetakchisi muborak Haj ziyoratiga tayyorgarlik jarayonlari, yaratilgan sharoitlar, o‘zbekistonliklarning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Shayx Nuriddin Xoliqnazar Shavkat Mirziyoyevga, avvalo, muborak joylarda ibodat fayzi bilan yurgan hojilarning salomi va duolarini yetkazdi", — deb yozmoqda matbuot xizmati.
Aytilishicha, bu yil ham Haj tadbirlari yuqori saviyada, tartibli tashkil etilgan, hududlardagi Haj markazlari orqali ishlar uyushqoqlik bilan olib borildi.
“Ayni paytda qariyb 12 ming nafar yurtdoshimiz Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Jami 15 ming 130 nafar fuqaro Haj ibodatiga muyassar bo‘ladi. Ularga 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimonlar va boshqa ko‘makchilar hamrohlik qiladi”, — deyiladi xabarda.
Bu yildan boshlab bir yangilik – Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan diniy soha xodimlari hamda qori ziyoratchilar tomonidan Qur’oni karimni xatm qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgacha 1 ming 515 ta xatm o‘qilib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilingan.
Davlat rahbari ziyoratchilar muqaddas Haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi.
“O‘zbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirdi”, — deya qayd etilgan xabarda.