TOShKENT, 4-iyun — Sputnik. O‘zbekiston Saudiya Arabistoni, Marokash Sultonligi, Misr, Kuvayt, BAA, Malayziya, Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘iston bilan turizm sohasida qator kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Xivada bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar turizm vazirlari Islom konferensiyasining XII sessiyasida xorij delegatsiyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Saudiya Arabistoni turizm vaziri maslahatchisi bilan suhbatda “Qadimiy Buxoro” turizm zonasi qurilishiga saudiyalik investorlarni jalb qilish masalasi muhokama qilindi. Qayd etilishicha, mazkur loyiha bilan yaqindan tanishtirish maqsadida investorlar bilan uchrashuv tashkil qilishga kelishib olindi.
Marokash Sultonligining O‘zbekistondagi elchisi Mohammed Adil Embarch bilan mashhur arab tadqiqotchisi “Ibn Batuta izidan” mavzusida targ‘ibot loyihalarini ishlab chiqish, Fatim-Zaxra Ammorning O‘zbekistonga tashrifinii tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Turkmaniston madaniyat vaziri bilan uchrashuvda yengillashtirilgan viza tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi.
“Viza tizimini yengillashtirish bo‘yicha Turkmaniston hukumati tomonidan uzil-kesil qaror qabul qilsa, dastlabki bosqichda Xorazm va Avaza o‘rtasida yengillashtirilgan viza tizimini joriy qilish orqali o‘zaro sayyohlar tashrifini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik dasturini imzolashga kelishildi”, — deyiladi xabarda.
“UN Tourism” tashkilotining Yaqin Sharq bo‘yicha mintaqaviy direktori Samarqandda yangi tashkil qilingan “UN Tourism Academy” va Saudiyada tashkil qilingan “UN Tourism Academy” o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishni taklif qildi.
O‘zbekiston tomoni mazkur taklifni qo‘llab-quvvatladi va hamkorlik doirasida nafaqat pedagoglar, balki talabalarning ham bir yillik davrda turli akademiyalarda ta’lim olishini tashkil qilish taklifini ilgari surdi. Uchrashuvda bu tajribaning mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Qayd etilishicha, Tojikiston turizmni rivojlantirish bo‘yicha “o‘zbek tajribasi”ga katta qiziqish bildirmoqda.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida quyidagilarni tashkil etishga kelishildi:
muntazam ravishda V2V uchashuvlarni tashkil qilish;
O‘zbekiston maktab o‘quvchilari uchun Tojikistonda yozgi ta’til davomida sayohatlar uyushtirish;
o‘zaro info-turlarning sonini oshirish;
turizm sohasida mavjud normativ huquqiy asoslarni muvofiqlashtirish.
Misr Turizm va osori-atiqalar vaziri o‘rinbosari bilan suhbat davomida aviaqatnovlar sonini oshirish, vizalarni yengillatish hamda kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Kuvayt axborot vaziri o‘rinbosari Naser Ahmad Muhaysan bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida aniq taklif va yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan bitim va dastur ishlab chiqish, ko‘rgazmalarda ishtirok etish va o‘zaro tashriflarni jadallashtirish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashga kelishildi.
Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vazirligining bosh kotibi bilan so‘nggi yillarda erishilgan kelishuvlar ijrosi muhokama qilindi.
“Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ta’lim va Umra+ yo‘nalishlari ekanligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, Umra+ yo‘nalishida yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun aviachiptalarda guruh tariflarini qo‘llash masalasini tiklashni ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi”, — deya qayd etilgan xabarda.
Birlashgan Arab Amirliklari iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuvda turizm sohasida info turlar tashkil qilish, V2V uchrashuvlar va ko‘rgazmalarda ishtirokni jadallashtirish, turli qo‘shma targ‘ibot loyihalarini (“Coolest winter”, “How to spend 100$ in Uzbekistan”, etc.) amalga oshirishga kelishib olindi.
Qozog‘iston Turizm vaziri o‘rinbosari bilan esa O‘zbekiston-Qozog‘iston turizm halqasini yaratish, Markaziy Osiyo transchegaraviy turlarini shakllantirish masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar o‘rtasida yangi yo‘nalish sifatida ekoturizmni rivojlantirish uchun qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga (Bo‘zjira-Orol yo‘nalishida qadimgi Tetis okeani tubi bo‘ylab ekstremal turlar tashkil qilish, ikki davlat ko‘llari bo‘ylab grand turlar tashkil etish) kelishib olindi.