Buxoroda Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi

Aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlar Muzey uchun xarid qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyun — Sputnik. “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ-201-son, 30.05.2024 y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Buxoro shahridagi Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi.
Jadidlik harakatiga oid O‘zbekiston va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish Muzey faoliyatining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
“Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlar Muzey uchun xarid qilinadi.
Muzeyni tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha import qilinadigan muzey ashyolari va kolleksiyalari, kitob va qo‘lozmalar, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan qurilish materiallari, asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, jihozlar, ehtiyot qismlar, metall konstruksiyalar, mebel va inventarlar 2025-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.
O‘zbekistonda jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan ilk muzey ochiladi — manzil