TOShKENT, 29-may — Sputnik. Shu yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston xorijga qiymati 298,5 mln dollarga teng bo‘lgan meva va sabzavotlar eksport qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
“4 oyda 514,8 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilingan. Bu ko‘rsatgich 2023-yilning mos davri bilan solishtirilganda 43,3 % ga yoki 155,6 ming tonnaga ko‘paygan”, — deyiladi agentlik xabarida.
Yanvar-mart oylarida meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlarida Pokiston yetakchilik qilgan edi. Yanvar-aprel oylarida Rossiya eksport uchun asosiy bozorga aylandi.
"Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (26,3 %), Pokiston (24,2 %), Qozog‘iston (13 %) va Xitoy (9,3 %) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan", — deyiladi xabarda.
2024 yilning yanvar-aprel oylarida meva-sabzavotlar eksporti ulushi jami eksportning 3,5 % ini tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bu yil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini 3,5 milliard dollarga yetkazish ma’lum qilingan edi. Buning uchun, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, uzum va dukkakli mahsulotlar yetishtirish ko‘paytiriladi.
Hududlarda yana 20 ta mobil laboratoriya tashkil etilib, “uzagrolab.uz” elektron platformasiga integratsiya qilinadi. Pestitsidlar muomalasidagi barcha jarayonlar raqamlashtirilib, sifatsiz pestitsidlarning yurtimizga olib kelinishi va noqonuniy savdosiga barham beriladi. 6 mingta bog‘, 3 mingdan ziyod tokzor va dala maydonlari, 344 ta qadoqlash korxonasi xorijiy fitosanitariya talablariga muvofiqlashtiriladi.
2023 yilda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi 4,1 foiz o‘sgan. Bu sohadagi eksport qariyb 2 milliard dollarni tashkil etgan.