O‘zbekiston va Rossiya fitosanitariya yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirmoqchi

Eksporti hajmini oshirish masalalari Rosselxoznadzorda muhokama etildi.
Sputnik
TOShKENT, 23-may — Sputnik. O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va Rosselxoznadzor fitosanitariya yo‘nalishida hamkorlikni yanada kengaytiradi, deya xabar berdi agentlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, agentlik vakillari Rossiyada bo‘lib turibdi. Amaliy tashrif doirasida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari Ibrohim Ergashev Veterinariya va fitosanitariya nazorati federal xizmati (Rosselxoznadzor) rahbari Sergey Dankvert bilan uchrashdi.
Moskvada Rosselxoznadzor va O‘zbekiston Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalasi muhokama etildi.
“Muloqot davomida tomonlar bugun qishloq xo‘jaligi sohasidagi holatni tahlil qilib, tovarayirboshlash so‘nggi yillarda keskin oshganini ta’kidladilar. Endigi maqsad meva-sabzavotlarning sifatini yanada oshirish, saralash, qadoqlashga alohida e’tibor qaratib, bunda fitosanitariya qoidalariga amal qilish muhim”, — deyiladi xabarda.
Ijobiy tajriba sifatida Jizzax viloyatida barpo etilgan “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika markazi keltirildi.
Markaz hududida fitosanitariya laboratoriyasi tashkil etilgan. Rossiyaga eksport bo‘ladigan mahsulotlarning tekshiruvi amalga oshiriladi. Bunda mahsulot buzilishining oldini olish, tadbirkorlik subyektlariga qulaylik yaratish, hujjatlar rasmiylashtiruvida ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olish nazarda tutilgan.
Moskvada Rosselxoznadzor va O‘zbekiston Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
“Kelishuv doirasida fitosanitariya yo‘nalishida hamkorlikni yanada kengaytirish, Rosselxoznadzor vakillarining Jizzax viloyatidagi “BMB-NRC Agrologistics” agrologistika markaziga tashrifini tashkil etish rejalashtirildi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondan Rossiyaga meva-sabzavotlarni jo‘natish har yili 20-30 foizga o‘sib bormoqda va hozirda ushbu tovarlar importining 10 foizini tashkil etmoqda. 2024-yil boshidan buyon Rossiyaga 156 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot import qilindi, bu 2023-yilning shu davriga (124 ming tonna) nisbatan 26 foizga ko‘pdir. Sezilarli o‘sish quyidagilarda kuzatildi: xurmo 6,2 baravarga (233 tonnadan 1,5 ming tonnaga), oq karam 4 baravarga (18 dan 72 ming tonnagacha), sabzi 3,4 barobarga (3,4 dan 11,5 ming tonnagacha), gulkaram 2,2 baravarga (2,6 dan 5,8 ming tonnagacha).
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston delegatsiyasi Boshqirdistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. Unda Rossiyaga mahsulot yuklagan furalarning to‘g‘ri taqsimlanishi uchun elektron platformani yaratish, hamkorlikda meva-sabzavotlarning saralanishi, kalibrlanishi va qadoqlashga mo‘ljallangan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
O‘zbekistonda meva-sabzavotlarni tezkorlik bilan eksport qilish yo‘laklari ochiladi