TOShKENT, 22-may — Sputnik. O‘zbekistondagi yirik bojxona postlarida meva-sabzavotlarni tezkorlik bilan eksport qilish uchun maxsus yo‘laklar ochiladi, deb xabar berdi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
"Tovar va transport vositalari harakati yuqori bo‘lgan yirik chegara bojxona postlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ustuvor tartibda tezkorlik bilan amalga oshirish uchun maxsus belgilar bilan jihozlangan alohida yo‘laklar tashkil etiladi", — deyilgan xabarda.
Bunda tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari (piyoz, karam, gilos, o‘rik va boshqalar) ortilgan transport vositalarini ushbu yo‘laklarga yo‘naltirishda ustuvorlik ta’minlanadi.
"Eksportga yo‘naltirilayotgan tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan transport vositalariga xalqaro standartlarga mos bo‘lgan farqlash belgisini (avtotransport vositasining old oyna o‘ng tomoniga) o‘rnatish tavsiya qilinadi. Bu chegara-bojxona postlarida ushbu transport vositalarini alohida yo‘lakka yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi", — deya eslatib o‘tgan qo‘mita.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda shu yilning 1-mayidan boshlab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish shartnomalari qiymati monitoringi joriy etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad sabzavot va mevalarning eksport narxlarining sun’iy ravishda tushirilishiga yo‘l qo‘ymaslik va valyuta tushumini nazorat qilishdan iborat.
Meva-sabzavot mahsulotlarining eksport narxini pasaytirishdagi farq tavsiya etilgan tannarxning 20 foizidan oshmasligi kerak.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston xorijga 298,5 million dollarlik 514,8 ming tonna meva-sabzavot eksport qilgan. 2023-yilning shu davriga nisbatan eksport ko‘rsatkichi 43,3 foizga yoki 155,6 ming tonnaga, pul ifodasida 16,5 foizga oshgan. Bu davrda meva-sabzavot eksportining asosiy bozorlari Rossiya (26,3 foiz), Pokiston (24,2 foiz), Qozog‘iston (13 foiz) va Xitoy (9,3 foiz) hisoblanadi.