O‘zbekiston uchun umumiy haj kvotasi soni belgilandi

Saudiya Arabistonida o‘zbekistonliklar uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 22-may — Sputnik. Bu yil O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 ta. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.
AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda qayd etilishicha, “Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida, dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borgan. Ular Makka va Madinadagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, o‘zbekistonliklar uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli ishlarni amalga oshirmoqda.

“23 maydan 7-iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22-iyundan 12-iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi”, — dedi Ma’rupov.

Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali Ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.
Uzbekistan Airways axborot xizmati rahbari Dilorom Kaimbayeva ma’lum qilishicha, kompaniya tomonidan "Haj-2024" mavsumiga 124 ta charter yo‘lovchi parvozlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“Haj-2024 dasturi doirasidagi barcha aviaqatnovlar Boeing 767 havo kemalarida amalga oshiriladi. Respublika aeroportlarida ro‘yxatdan o‘tish vaqtida yo‘lovchilar issiq nonushta bilan ta’minlanadi. Parvoz davomida esa O‘zbekiston Musulmonlari idorasi talablarini inobatga olgan holda tayyorlangan maxsus taomlar tarqatiladi”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart. Qolgan barcha turdagi vizalar - umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hajga borishdan oldin bajariladigan amallar