O‘zbekistonda Xitoy va MDH davlatlari kursantlari o‘rtasida xalqaro olimpiada boshlandi

Respublikada “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” yo‘nalishi bo‘yicha VIII xalqaro olimpiadaning final bosqichi boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. O‘zbekistonda Xitoy va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) davlatlari kursantlarining harbiy-kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha olimpiada boshlandi, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi o‘quv jarayonini ta’minlash bazasida MDHga a’zo davlatlar oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” yo‘nalishi bo‘yicha VIII xalqaro olimpiadaning final bosqichi boshlandi.
O‘zbekistonda Xitoy va MDH davlatlari kursantlarining harbiy-kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha olimpiada boshlandi
Unda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan 6 ta jamoa bellashmoqda.
Olimpiada ishtirokchilari besh kun mobaynida “Tibbiy tayyorgarlik” “O‘quvda qiyin – jangda oson”, “Kimoviy himoya”, “Oriyentirlash”, “Xalqaro gumanitar huquq”, “Qurolsoz”, “Duel”, “Mergan”, “Armiya biatloni”, “Yo‘lak” kabi musobaqalarda o‘z bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazishadi.
O‘zbekistonda Xitoy va MDH davlatlari kursantlarining harbiy-kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha olimpiada boshlandi
Qayd etilishicha, bellashuv oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlarining umumnazariy va umumkasbiy tayyorgarligi asosini tashkil etuvchi o‘quv fanlari bo‘yicha bilim, ko‘nikma va malakalarini namoyish etish bilan birgalikda xalqaro harbiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, ushbu xalqaro olimpiadaning o‘tgan yilgi bahslari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Qurolli kuchlari akademiyasi kursantlari faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘lgan.