O‘zbekistonlik chavandozlar konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha musobaqada sovrindor bo‘lishdi

Xurshid Alimjonov oltin, Bekzod Qurbonov esa kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 20-may — Sputnik. O‘zbekistonlik chavandozlar Bishkekdagi konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha musobaqada sovrindor bo‘lishdi, deya xabar berdi Sport vazirligi.
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha Jahon kubogining final bosqichiga saralash vazifasini o‘tab beruvchi Yevrosiyo ligasining navbatdagi bahslari o‘z nihoyasiga yetdi.
Unda qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi yuqori natijalarni qayd etdi.
Bishkekda konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha Yevrosiyo ligasining navbatdagi bahslari o‘z nihoyasiga yetdi.
"Chavandozlardan biri Xurshid Alimjonov “Leyman” laqabli tulporida 130 sm balandlikdagi to‘siqlardan sakrash bahslarida eng yaxshi natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning ilk kunida ikki yo‘nalishda g‘alaba qozongan Bekzod Qurbonov “Matts” oti bilan 150 smli dasturda kumush medalga sazovor bo‘ldi", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Bahromjon Gaziyev, Bekzod Qurbonov, Oqil Sobirjonov va A’zam Tolibboyev jamoaviy dasturda shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy olishdi.
Yakunda chavandozlar ushbu turnirni 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan yakunlashdi.