TOShKENT, 18-may — Sputnik. Moskvada Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi maydonida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlarining vakolatli organlari, xalqaro tashkilotlar va ilmiy hamjamiyat ekspertlari tomonidan 2030-yilgacha statistika sohasida Yevroosiyo integratsiyasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi. Bu haqda YeIK saytida xabar berildi.
Seminar YeIK Integratsiya va makroiqtisodiyot vaziri Sergey Glazyev raisligida o‘tkazildi. Seminar Komissiya tomonidan G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Sergey Glazyev kelasi yilda YeOIIning statistika sohasida integratsiyani rivojlantirish bo‘yicha amaldagi dasturini amalga oshirish yakunlanishini va bugun biznes va ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda yangi strategik harakatlar rejasini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Foydalanuvchilarni bugungi kun talablariga javob beradigan dolzarb ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish kerakligi aytildi.
Ma’lumotlar evolyutsiyasi davrida statistik metodologiyani uyg‘unlashtirish, raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, statistik va geofazoviy ma’lumotlar integratsiyasi, axborotning muqobil manbalari va axborotni to‘plash, vizuallashtirish va tahlil qilish uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish muhokama qilingan asosiy mavzular bo‘ldi. Aynan shu jihatlar Komissiya Ittifoq mamlakatlari bilan birgalikda ishlab chiqishni boshlagan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan statistika sohasida YeOII integratsiyasini rivojlantirish konsepsiyasining ustuvor yo‘nalishlari asosini tashkil etdi.