Jizzaxda "Zaamin Ultra" ultramarafoni bo‘lib o‘tadi – dasturdan nimalar o‘rin olgan?

Ishtirokchilar uchun 4 ta yo‘nalish mavjud. Marafon arafasida elektron musiqa konserti ham o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. O‘zbekistonning Jizzax viloyati Zomin milliy tabiat bog‘i hududida 1-2 iyun kunlari "Zaamin Ultra 2024" ultramarafoni bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati.
Yo‘nalish dengiz sathidan 2200–2500 metr balandlikda joylashgan bo‘lib, bu balandlik oltita Toshkent teleminorasiga teng.

“Bu yil biz "Samarkand Marathon" xalqaro xayriya marafonining besh yilligini nishonlamoqdamiz. U tashkil etilganidan buyon biz tadbirlarimizni O‘zbekistonda butun dunyodan tashrif buyuruvchi ishtirokchilarni birlashtiruvchi sport, madaniyat va san’atga bag‘ishlangan shodiyona sifatida targ‘ib etamiz. Tadbirlarni yanada keng miqyosli va qiziqarliroq uyushtirishga, ishtirokchilarning yangi qatlami, shu jumladan, respublikaning barcha hududlaridagi yoshlarni jalb etish ustida muntazam ravishda ishlab kelmoqdamiz", — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Xalqaro ultramarafon "Zaamin Ultra" 2024-yilning birinchi tadbiri bo‘ladi.
Ishtirokchilar 4 ta masofa bo‘yicha harakatlanishadi:
50K – bu marshrut butun platoning hamda Turkiston va Molguzar tizmalarining ko‘rinishini taqdim etadi. Yo‘nalishning eng baland nuqtasi dengiz sathidan 2500 metrga yetadi. Balandlikka ko‘tarilish – 1 535 metr;
21K – yarim marafonchilar jami 635 metr balandlikka ko‘tarilib, 21 km masofani bosib o‘tadilar. Ishtirokchilar barcha uch irmoq — Kattashir, Qizilmozor va Obiko‘l bo‘ylab yuguradi;
10K – ishtirokchilar Qizilmozor tog‘ oqimi va Cho‘rtangi darasi yonbag‘ri manzarasini ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lgan kuzatuv maydonigacha yugurishadi. Oxirgi kilometrlar 370 metr balandlikka chiqishni o‘z ichiga oladi;
2K – bu yo‘nalish qisqa masofali bo‘lib, tog‘ bo‘yicha marafonda ilk bora ishtirok etayotganlar uchun to‘g‘ri keladi. Mazkur yo‘nalishda start shaharchasi va Kattashir tog‘ soyi manzaralaridan bahra olish mumkin.
1 iyun kuni poyga arafasida "Zaamin Ultra 2024" ultramarafon mehmonlari va ishtirokchilari uchun elektron musiqa konserti tashkil etiladi.
Jamg‘arma matbuot xizmati bu yil yangi ekologik tashabbus joriy etilishini qo‘shimcha qildi, bu xayriya poygalarining butun turkumi – plogging uchun an’anaga aylanadi. Ishtirokchilar ikki kunlik festivalni yugurish va chiqindi yig‘ish bilan yakunlaydilar. Bu ularni birlashtirishga, eng muhimi, tabiatni asl holida saqlashga xizmat qiladi.