Tanzila Narbayeva Samarqanddagi xalqaro forumda muzokaralar o‘tkazdi

Senat raisi “BMT Ayollar” tuzilmasining mintaqaviy direktori va Ozarbayjon respublikasi Milliy Mejlis raisi bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 13-may — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Samarqandda o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumida “BMT Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Belen Sans Luke bilan muzokara o‘tkazdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva

“Keyingi yillarda gender tenglik, xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash, imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishida “BMT Ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlik yangi bosqichga chiqdi”,— deyiladi yuqori palata xabarida.

Muloqot chog‘ida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi bilan Tuzilma o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, gender budjetlashtirish, gender statistikasi hamda gender audit yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or amaliyotlarni joriy qilish bo‘yicha fikr almashildi.
Qayd etilishicha, munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida hamkorlik bo‘yicha tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish, unda aniq yo‘nalishlarni belgilashga kelishib olindi.
Shuningdek, Tanzila Narbayeva Ozarbayjon respublikasi Milliy Mejlis raisi Sahiba Gafarova bilan ham uchrashdi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva
Unda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha parlamentlarning o‘zaro hamkorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar va parlamentlararo tuzilmalar doirasida aloqalarni yanada mustahkamlash va bir-birini qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.
Shuningdek, Sahiba Gafarova O‘zbekiston tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilayotgan Osiyo xotin-qizlar forumi ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishda muhim maydon bo‘lishini aytib o‘tdi.

“Tomonlar ikki davlat tadbirkor ayollari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga, yosh parlamentariylar muloqotini yanada jadallashtirishga kelishib oldi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotga ko‘ra, Osiyo qit’asida 4,82 mlrd kishi yashaydi, bu dunyo aholisining 60 foizdan ortig‘i deganidir. Shuningdek, qit’a umumiy aholisining 2,3 milliardi yoki qariyb 49 foizini ayollar tashkil etadi. Forumda aynan ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, 13-14 may kunlari Samarqandda "Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv" mavzusida Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi.