TOShKENT, 9-may — Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga kirish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgani munosabati bilan mamlakatga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga murojaat qildi.
Qozog‘istonga kirish va chiqishda fuqarolarga barcha zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishni tavsiya qildi.
"Shu bilan birga, O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiya Federatsiyasiga ham kirishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozim, chunki Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiya Federatsiyasining migratsiya va boshqa qonun hujjatlarining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadilar", — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, agar Rossiyada bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining mamlakatga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Qozog‘istonga kirish va chiqish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmasligi uchun O‘zbekiston fuqarolariga Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti “Xizmatlar” bo‘limida maxsus onlayn shaklni to‘ldirish orqali Rossiyaga kirish uchun ta’qiq mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish tavsiya etilmoqda.