TOShKENT, 2-may — Sputnik. Pensiya va nafaqalar miqdori oshirildi. Bu haqda prezidentning tegishli farmon bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan quyidagilar belgilandi:
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 648 000 so‘m;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 648 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 648 000 so‘m.
Pensiya jamg‘armasi ma’lum qilishicha, buning natijasida 751 ming nafar yoshga doir va 110 ming nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarning pensiyalari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkaziladi.
Pensiyalarni oshirish uchun Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 180 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Yuqoridagi miqdorda pensiya oluvchilarga pensiyalar joriy yilning may oyidan yangi miqdorda to‘lanadi.