TOShKENT, 30 apr — Sputnik. O‘zbekistonda qimmatbaho metallar sohasida Ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mamlakatda geologiya sohasiga har yili 1 trillion so‘mdan mablag‘ ajratilib, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Natijada o‘tgan yili tog‘-kon sanoatida ishlab chiqarish hajmi qariyb 11 milliard dollarga yetdi. Lekin bu, asosan, qimmatbaho va rangli metallar yo‘nalishida bo‘lib, sanoat uchun muhim minerallar bo‘yicha foydalanilmagan juda katta zaxira mavjud. Xususan, yurtimizda 32 turdagi shunday qazilma boyliklari bor”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, elektromobil, “yashil” energetika, elektrotexnika sanoatida kamob metallarga talab tobora ortib bormoqda. Shuning uchun so‘nggi yillarda jahon bozorida molibden, tellur, selen, grafit narxlari keskin oshgan.
“Sanoat uchun muhim minerallar xomashosi hamda ularning turini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Hozirda yurtimizda 6 turdagi shunday mahsulot ishlab chiqariladi. Bunga qo‘shimcha platina, indiy, vanadiy metallari hamda volfram, molibden, rux, marganes kabi minerallardan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish imkoniyati bor. Masalan, avvallari o‘zimizda bo‘lmagan kukun metallurgiyasida yiliga 300 million dollarlik, uskunalar va butlovchi qismlar yo‘nalishida 100 million dollarlik qiymat yaratish mumkin”, — deya qayd etilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqi bilan muhim minerallar bo‘yicha erishilgan kelishuv bu borada katta bozor ochadi.
Shulardan kelib chiqib, mutasaddilarga xorijiy ekspert va investorlar ishtirokida kamob metallar bo‘yicha 500 million dollarlik istiqbolli loyihalar dasturini shakllantirish topshirildi. Bu yo‘nalishni ilm bilan rivojlantirish, shu maqsadda loyiha ofisi tashkil etib, yetakchi institut va ilmiy markazlarni jalb qilish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda Navoiy kon-metallurgiya kombinatida qimmatbaho metallar zaxirasini ko‘paytirish rejalari ham ko‘rib chiqildi.
Prezident kombinatda ishlab chiqarish tannarxini 10-15 foizga pasaytirish, sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish qamrovini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni geologiya va kon-metallurgiya sohalaridagi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Qimmatbaho metallar sohasida Ilg‘or texnologiyalar ilmiy markazini tashkil qilish vazifasi qo‘yildi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.