Hindiston O‘zbekistonda avtomobil dvigateli moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekiston elchixonasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Hindiston O‘zbekistonda avtomobil dvigateli moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirdi. Bu haqda "Dunyo" AA ma’lum qildi.
O‘zbekiston elchixonasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Hindistonning yetakchi kompaniyalariga O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi.
Qayd etilishicha, may oyida o‘tkaziladigan III Toshkent xalqaro investitsiya forumida hindistonlik tadbirkorlarning yirik delegatsiyasi ishtirok etishi kutilmoqda.
Tadbirda quyidagi takliflar bildirildi:
"Sundev Renewables" kompaniyasi ta’sischisi Devin Narang o‘nggi 6-7 yilda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajaga ko‘tarilganini aytib, iqtisodiy-investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirdi.
"Hinduja Group" konglomerati departamenti rahbari Suren Alimchandani O‘zbekistonda avtomobil dvigateli moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mineral o‘g‘itlar xarid qilishga tayyorligini bildirib, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bu borada muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi.
"MIER Group" kompaniyasi marketing bo‘yicha direktori Gopal Sud oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganayotganini bildirdi.
“Federatsiya Hindiston bo‘ylab 250 mingdan ortiq a’zoga ega. Biz Toshkent, Samarqand yoki O‘zbekistonning boshqa hududida faoliyat yuritayotgan kompaniya va tadbirkorlar uchun Hindistonda ishonchli va istiqbolli hamkor topish bo‘yicha amaliy ko‘mak berishga tayyormiz”, — dedi Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bosh kotibi Shailesh Pathak.
Uning qayd etishicha, har yili "FICCI Frames" deb nomlangan media va ko‘ngilochar tadbir o‘tkaziladi. Ularda Shohruh Xon, Karina Kapur va boshqa taniqli kino arboblari ishtirok etadi. Navbatdagi tadbirga O‘zbekiston hamkor davlat sifatida ishtirok etishi taklif etildi.