O‘zbekistonda lotoreya va bukmekerlikka ruxsat beriladi — farmon

Tavakkalchilik o‘yinlari tashkil qilgan yuridik shaxslar aylanmadan 4%, jismoniy shaxslar esa 0% soliq to‘laydi.
Sputnik
TOShKENT, 26 apr — Sputnik. Tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Bu haqida 19-aprel kuni imzolangan prezident farmonida aytib o‘tilgan.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan:

internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
Ushbu faoliyat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiradi;
O‘yin va garovlarda faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin.

Soliqqa tortish tartibi:

Ushbu faoliyatni tashkil etgan yuridik shaxslar olingan jami daromadidan, to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda, 4 foiz aylanma solig‘i to‘laydi.

Jismoniy shaxslar litsenziya asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlikdan olgan yutuq sifatida daromad solig‘idan ozod etiladi.
Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilari faoliyati Agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan monitoring va nazorat qilinadi.