TOShKENT, 25-aprel – Sputnik. O‘zbekistondagi farmatsevtika kompaniyasi Rossiyaga jarrohlik qo‘lqoplarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Innoprom” ko‘rgazmasi doirasida Rossiya Federatsiyasi “Chestniy znak” markirovkalash tizimi vakillari O‘zbekistondagi mahalliy farmakompaniyalarning biriga tashrif buyurdi. Hozirda Rossiya Federatsiyasi mazkur kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan bir martalik tibbiy ko‘rik qo‘lqoplaridan foydalanmoqda.
“Ikki tomon o‘rtasida dori va tibbiy mahsulotlar eksporti bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, endilikda biz Rossiyaga jarrohlik qo‘lqoplarini ham yetkazib berish niyatidamiz” – dedi farmakompaniya bosh menejeri Sherzod Usmonov.
Kompaniya tomonidan 140 tadan ortiq nomdagi tayyor dori vositalari chiqarilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi esa yiliga 500 million donani tashkil etadi. Shuningdek, kompaniya o‘z mahsulotlarini 10 dan ortiq davlatga eksport qiladi.
Tashrif davomida rossiyalik vakillar O‘zbekistonda dori vositalarini raqamli markalash tizimining ishlash jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.
Uzbekistan planiruyet eksportirovat xirurgicheskie perchatki v Rossiyu
© Sputnik
“Dori vositalarini raqamli markirovkalash tizimining joriy etilishi o‘z navbatida dori vositalarini qalbakilashtirish va kontrabandasiga qarshi kurashishda asosiy omil sifatida xizmat qilmoqda. Bizning kompaniyamizda bu tizimning ishlashi ko‘plab ovoragarchiliklarning oldini olishga yordam berdi. Ya’ni jarayonni tartibga solib, dori vositalari ustida nazoratni kuchayishiga olib kelyapti” – deya qo‘shimcha qildi Usmonov.
O‘zbekistonda "Asl Belgisi” — dori vositalarining raqamli markirovka qilish tizimi 2022-yil 1-sentabrda joriy etilgan. Bu dorilarni qalbakilashtirish va kontrabandaga qarshi kurashish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning “Chestniy znak” - bu milliy mahsulotlarni markalash va kuzatib borish tizimi. Maxsus raqamli kod mahsulotning haqiqiyligi va sifatini kafolatlaydi. Tizimning asosiy vazifasi xavfsizlik darajasini oshirish, soxta va past sifatli muqobillariga qarshi kurashishdir.