TOShKENT, 24 apr — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyadan sport kiyimlari va poyabzallar xarid qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov va Rossiyaning Perm shahridagi “TREK” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Tarasenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar to‘qimachilik sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali muzokaralar olib bordi. O‘zbekistonda “TREK” mahsulotlarini qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
“Tomonlar uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirib, “TREK” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sport kiyimlari va poyabzallarini xarid qilish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kelishib oldilar”, — deyiladi xabarda.
“TREK” kompaniyasi chang‘i poyabzallari, figurali uchish uchun konkilar, futbol, turizm va trekking uchun poyabzallar, velosipedlar, jamoaviy sport turlari, badiiy gimnastika, jang san’ati uchun aksessuarlar va ekipirovka ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniya hisoblanadi.